NASA kosmosda manipulyator robotini sinovdan o‘tkazmoqchi

NASA Motiv Space Systems kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan manipulyator robotini kosmosda sinashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Robots & Automation News nashri ma’lum qildi.
Ushbu tajribalar Fly Foundational Robots (FFR) missiyasi doirasida amalga oshiriladi. Parvoz 2027-yil oxiriga mo‘ljallangan. Loyihaning maqsadi kosmosda xizmat ko‘rsatish, yig‘ish va ishlab chiqarish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazishdir.
Motiv Space Systems tomonidan yaratilgan robot murakkab manipulyatsiyalarni bajarish, asbob-uskunalarni mustaqil ishlatish va kosmik apparatlar konstruksiyalarida nol yoki qisman tortishish sharoitida harakatlanish qobiliyatiga ega. Olimlarning fikricha, bunday robotlar sun’iy yo‘ldoshlarni ta’mirlash, kosmosda infratuzilma qurish va astronavtlarga yordam berishda ishlatilishi mumkin.
FFR missiyasi doirasida Astro Digital kompaniyasi robotning orbitadagi sinovlarini ta’minlaydi, shuningdek, boshqa mutaxassislar Motiv platformasidan o‘z tajribalari uchun foydalanishi mumkin. NASA loyihaning birinchi operatori bo‘lishni rejalashtirmoqda va boshqa amerikalik kompaniyalarni ham loyiha ishtirokiga taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX 800 milliard dollargacha baholanishi mumkin bo‘lgan IPO’ni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edik.