Pokistonda “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘i barpo etilishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning «Habib Rafiq Pvt. Ltd» kompaniyasi bosh menejeri Aslam Malik bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki tomon hamkorlik imkoniyatlari, qo‘shma loyihalar va investitsiya sharoitlari yuzasidan fikr almashdi, deya xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Elchi O‘zbekistonning investitsiya muhiti, Erkin iqtisodiy zonalar, hududlarda barpo etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massivlari va «Yangi Toshkent» shahri loyihalari haqida ma’lumot berdi. Xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay soliq va bojxona tartiblari, imtiyozli moliyalashtirish, infratuzilmadan foydalanish imkoniyati va hukumat qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, mamlakatning Yevroosiyo transport yo‘nalishlari va geografik joylashuvi ta’kidlandi.

Aslam Malik O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan qurilish va infratuzilma sohalarida xorijiy investorlar uchun qulay sharoit yaratishini ta’kidladi. U mamlakatda biznes yuritish imkoniyatlari, ma’muriy tartib-taomillarning soddaligi va tadbirkorlar uchun kafolat va imtiyozlar samarali ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda Pokiston vakili Islomobod yaqinidagi 2,8 ming gektar maydonda amalga oshirilayotgan «Capital Smart City» loyihasi bilan tanishtirdi. Loyihada turar-joy binolari, maktablar, bog‘chalar, sport inshootlari, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar qurilib, foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, texnologik shaharcha «Silicon Village» qurilishi davom etmoqda.

«Habib Rafiq Pvt. Ltd» kompaniyasi O‘zbekistonda barpo etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massivlari va «Yangi Toshkent» loyihalarida hamkorlik qilish, O‘zbekiston qurilish kompaniyalarini Pokistondagi loyihalarda, xususan «Capital Smart City»da ishtirok etishga jalb qilish hamda kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga ishchi safarini tashkil etish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston davlat banki Toshkentda filial ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edik.