Toshkent, Qashqadaryo va Buxoroda yer savdosiga doir firibgarliklar fosh etildi

Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida yer munosabatlariga doir bir qator noqonuniy holatlar fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida unitar korxona yuristi, ilgari sudlangan shaxs, xaridorga Nurafshon shahrida parrandachilikka mo‘ljallangan, korxonaga ajratilgan 90 sotix bo‘sh yer maydonini $250 mingga sotmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, u tanishlari orqali mazkur yerda kottejlar qurilishiga ruxsat olib berishini aytib, buning uchun qo‘shimcha $30 ming talab qilgan. DXX Toshkent viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda u avans sifatida $40 ming olayotgan vaqtda ushlandi.
Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan holatda esa tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi o‘zining mansabdor tanishlari orqali Ko‘kdala tumanidagi davlat zaxirasidagi 1 gektar yer maydonini 500 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lib, oldindan $20 ming olayotganda qo‘lga olingan.
Yana bir holatda Buxoro shahrida faoliyat yurituvchi, ilgari sudlangan dallol fuqaroning 1250 kvadrat metrli ko‘chmas mulk obyektining toifasini o‘zgartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga $14 ming talab qilgan. DXX va Departament uni so‘ralgan pulni olayotganida qo‘lga oldi.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, mazkur ishlar bilan bog‘liq boshqa shaxslarni aniqlash yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada hokim o‘rinbosari, Namanganda esa ikki hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga tushgan edi.