
TrendForce tahlilchilari smartfonlar uchun xotira chiplaridagi tanqislik 2026-yilda hatto eng arzon modellarning ham sezilarli qimmatlashishiga olib kelishini ko‘rsatdi.
Mutaxassislarning aytishicha, sun’iy intellekt tufayli xotira chiplariga talab oshgan, zavodlarning ombor zaxiralari esa odatdagi sakkiz haftadan to‘rt haftagacha qisqargan. Zaxiralar tugagach, ishlab chiqaruvchilar chiplarni yangi ancha yuqori narxlarda xarid qilishga majbur bo‘ladi. Bu esa bevosita smartfon narxlariga ta’sir qiladi.
Coosea Group ma’lumotiga ko‘ra, 4 GB hajmdagi LPDDR4X operativ xotira chipi yil boshidan beri $7 dan $30 gacha qimmatlagan. eMMC saqlash chipi esa $3,2 dan $8 gacha ko‘tarilgan. Kelgusi yillarda arzon smartfonlar uchun asosiy standart sifatida LPDDR4X qo‘llanilishi kutilmoqda, u LPDDR5X’dan sekinroq, ammo ancha arzon.



Tanqislik sabab, smartfonlarda xotira konfiguratsiyalari ham o‘zgarishi kutilmoqda. Masalan, 12/512 GB o‘rnini 8/256 GB variantlar egallashi mumkin. Tahlilchilarga ko‘ra, arzon segmentdagi smartfonlar kamida 10 foizga qimmatlashadi. Bundan tashqari, Samsung va SK Hynix DDR4 chiplarini faqat kelasi yilgacha ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarish to‘xtatilgach, bu chiplarning narxi yanada oshishi mumkin.
Avvalroq 2025-yilning uchinchi choragida eng ko‘p sotilgan smartfonlar e’lon qilingandi. Analitik kompaniya Counterpoint Research 2025-yilning uchinchi choragi bo‘yicha dunyoda eng ko‘p sotilgan smartfonlar reytingini e’lon qildi. Mazkur ro‘yxatda iPhone 16 birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, dastlabki 10 ta joy faqat ikkita kompaniya mahsulotlaridan iborat.