AQSh muhojirlarga ishlash uchun ruxsat muddatini qisqartirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati muhojirlar, boshpana so‘raganlar va boshqa migrantlar uchun ishlash ruxsatlarining amal qilish muddatini besh yildan 18 oygacha qisqartirdi. Bu haqda France24 nashri ma’lum qildi.
AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) direktori Jozef Edlou bayonotiga ko‘ra, qaror 26-noyabr kuni Vashingtonda milliy gvardiya a’zolari otib o‘ldirilgan voqeadan keyin jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Yangi tartib boshpana olgan migrantlar, boshpana so‘raganlar va deportatsiyasi to‘xtatilgan shaxslarga tatbiq etiladi. Shu bilan birga, joriy haftada Tramp ma’muriyati 19 ta davlat fuqarolari uchun immigratsiya arizalarini to‘xtatdi. Ushbu mamlakatlar qatoriga Afg‘oniston, Somali, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Sudan, Yaman bor. Burundi, Kuba, Laos, Sierra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela ham qisman cheklovlarga duch kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Tramp ko‘p marta noqonuniy migrantlarni deport qilishga va’da bergan edi. Milliy gvardiya a’zolari otib o‘ldirilgan voqeadan so‘ng esa barcha past daromadli davlatlaridan kelayotgan migrantlarni «doimiy to‘xtatish» ishlarini boshlab yubordi.