Bir nechta viloyatlarda kuchli ta’sirga ega dorilar savdosiga chek qo‘yildi

eʼlon qilindi
Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Bir nechta viloyatlarda kuchli ta’sirga ega dorilar savdosiga chek qo‘yildi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Toshkent, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy savdosi bo‘yicha bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi fuqaroning Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi ijaraga olingan uyda qiymati 1,5 mlrd so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni saqlayotgani aniqlandi. Fuqarodan «Pregabalin Capsules» (15 330 dona), «Chorionig Gonadotropxin Injection» (1 196 dona), «Sodium Chloride Injection I.P» (1 175 dona) va «Iron Sucrose Injection» (501 dona) dorilar hujjatlashtirildi.

Yana bir holat Navoiy viloyatida yuz berdi. Tomdi tumanida fuqaro «Burqut» MFY hududidagi savdo do‘konida boshqa fuqaroga 10 quti «Sibutramin» moddasi mavjud bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi vositani 6,5 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, poytaxtning Yunusobod tumanida ikki fuqaro boshqa fuqaroga «Moyqurg‘on» ko‘chasidagi savdo do‘konida «Sibutramin» moddasi mavjud 30 dona kuchli ta’sir qiluvchi vositani sotayotgan vaqtida ushlandi. Tezkor tadbirda jami 3 386 dona dori ashyoviy dalil sifatida qo‘lga olindi.

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida esa «Cobalt» rusumli avtomashina tekshirilganda, salonda 888 dona «Tropikamid» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni sotish maqsadida olib ketayotgani aniqlandi. Mazkur dorilar ashyoviy dalil sifatida qo‘lga olindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni boshqa qadoqda dorixonaga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qamoqqa olingan edi.

Shuningdek