
Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan UFC 323 turnirida sportchilarga to‘langan gonorarlar miqdori ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Sporty Salaries xabar berdi.
Musobaqaning markaziy jangida yengil vazn toifasidagi Pyotr Yan amaldagi chempion Merab Dvalishvilini mag‘lub etib, besh yillik tanaffusdan so‘ng o‘z kamarini qaytarib oldi. Turnirdagi eng katta gonorar, mag‘lubiyatga qaramay, Merab Dvalishviliga nasib etdi.

Gruziyalik jangchining umumiy daromadi $2,3 millionni tashkil qildi, shundan $1,5 millioni pullik translyatsiyalar (PPV) ulushiga to‘g‘ri keladi. G‘olib Pyotr Yan esa jami $1,4 million ishlab topgan.

Bogdan Guskov polshalik sobiq chempion Yan Blaxovichga qarshi jang qilib, durang natija qayd etdi. Blaxovich ushbu jangdan $321 ming ishlab topgan. O‘zbekistonlik sportchi esa $54 ming gonorar oldi. Bundan $48 ming kafolatlangan to‘lov va $6 ming homiylik pullaridan iborat.
Shuningdek, kechaning boshqa ishtirokchilari orasida Joshua Van ($1,28 mln) va Aleksandr Pantoja ($942 ming) eng yuqori maosh olgan sportchilar qatoridan joy oldi. Faxriy jangchilar Genri Sehudo va Edson Barbozaning har biri turnirdan $421 mingdan ishlab oldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Islom Maxachev UFC reytingida yana birinchi o‘ringa qaytgani haqida xabar bergan edi.