Bukmekerlikni targ‘ib qiluvchi 70 ga yaqin veb-sayt bloklandi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi 70 ga yaqin veb-sayt blokladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, joriy yilda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 86 ta veb-saytlar haqida tegishli nazorat organiga ma’lumotlar kiritildi. Shundan 70 ga yaqin sayt qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning tarqalishini oldini olish maqsadida belgilangan tartibda bloklandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunining 46-moddasiga muvofiq, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarning reklamasi taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Iste’molchi murojaati» nomli yangi elektron tizim yaratilgani haqida xabar bergan edik.