Endi fermerlarga past stavkali kreditlar toifalarga qarab ajratiladi

Fermerlarga endi toifalarga qarab kredit ajratiladi. Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirish hamda agrar sohada subsidiya berishning yangi tizimi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, hozirda fermerlarga kredit ajratishda moliyaviy barqaror xoʻjaliklarga ham, toʻlov intizomiga rioya etmayotganlariga ham bir xil foiz stavkasi qoʻllanmoqda. Shu bois taqdimotda fermerlar orasida «intizomli boʻlish – arzon kredit» modelini shakllantirish uchun «A» kredit reytingiga ega xoʻjaliklarga 2 foizga, «B» toifadagilarga 1 foizga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish va shu orqali intizomli fermerlarning kredit yukini kamaytirish taklif qilindi.
Shuningdek, kelgusi yilda paxta va g‘alla yetishtirish, xarajatlarni qoplash va subsidiyalar uchun jami 34,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Qolaversa, qo‘shimcha $200 million jalb qilinib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinadi.
2026-yilda agrotexnik tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 5 trillion so‘m ajratish taklif etilmoqda. Shuningdek, paxta yetishtirishda kreditning yarmigacha mablag‘ ishlatilganda sotilgan hosil qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya berilishi fermalarning xarajatlarini sezilarli qisqartirishi aytildi.
Bundan tashqari, bug‘doyni o‘z mablag‘i hisobidan yetishtirgan fermerlar ham qo‘llab-quvvatlanadi, ularga hosil qiymatining 10 foizi subsidiya sifatida berilishi rejalashtirilgan.
Hozirda agrar sohada 52 turdagi subsidiya mavjud bo‘lib, yangi tizimda bu jarayon keskin soddalashtiriladi. Arizalarni ko‘rib chiqish to‘liq raqamlashtirilib, barcha jarayonlar «Agroportal» orqali amalga oshiriladi. Subsidiya ajratish muddatlari qisqaradi, byurokratiya kamayadi, talabgorlarning ko‘plab hujjat topshirish zarurati yo‘qoladi.
Prezident barcha jarayonlarni raqamlashtirish, subsidiya va kreditlarni aniq va tezkorligini ta’minlash, fermerlar uchun qulaylik yaratish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Avvalroq 2026-yilda 4,5 mln tonna paxta yetishtirilishi xabar qilingandi. Buning uchun fosforli o‘g‘itlar zaxirasini tayyorlash, o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga sulfat kislotasini yetkazish va fermerlarni o‘g‘it bilan ta’minlash uchun imtiyozli kreditlar ajratish zarurligi ta’kidlandi.