Endi o‘zbekistonliklar Telegram orqali kriptovalyuta sotib olishlari mumkin

O‘zbekistonda Telegram messenjeri ichiga integratsiya qilingan xalqaro kripto hamyon Wallet ishga rasman tushirildi. Foydalanuvchilar endilikda mahalliy to‘lov tizimlari yordamida kriptovalyuta xarid qilish va sotish imkoniga ega bo‘ldi.
Wallet bevosita Telegram interfeysiga o‘rnatilgan bo‘lib, alohida ilova yuklab olishni talab etmaydi. Xizmat Bitcoin, Toncoin, USDT va yana 200 dan ortiq tokenlarni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekistonda ushbu loyihaning texnologik hamkori Asterium kompaniyasi hisoblanadi. Foydalanuvchilar Humo, Visa va Mastercard kartalari orqali vositachilarsiz kripto aktivlarni boshqarishi mumkin.

«Asterium’ning missiyasi – kripto aktivlar bilan ishlashni har bir odam uchun oson va qulay qilish. Wallet bizning mahsulotlarga bo‘lgan yondashuvimizga to‘liq mos keladi. U qulay, shaffof va xavfsiz, demak odamlar uchun foydali. Asterium foydalanuvchilar hayotini yengillashtiradigan yechimlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor», – dedi Asterium bosh direktori Komilxo‘ja Sultonov.
The Open Platform (TOP) bosh direktori Andrey Rogozov O‘zbekistonni dunyodagi eng dinamik fintech bozorlaridan biri sifatida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatdagi aniq tartibga solish tizimi va mobil internetning keng tarqalgani texnologik moliyaviy xizmatlarni joriy etish uchun qulay muhit yaratgan.
«Telegram miqyosi, tartibga solishning aniq va ravshanligi, mobil internetning yuqori darajadagi keng tarqalganligi O‘zbekistonni rivojlanayotgan bozorlarda qulay va texnologik moliyaviy xizmatlarga tez o‘tish mumkinligini ko‘rsatadigan yorqin misolga aylantiradi. Bu ishga tushirish bizni kripto aktivlarni hammaga qulay, oddiy va xavfsiz qilish maqsadiga yanada yaqinlashtiradi», – dedi Rogozov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Wallet global miqyosda 150 milliondan ortiq foydalanuvchilarga ega bo‘lib, avvalroq AQShda ishga tushirilgan edi. Keyingi ikki yil ichida yana 15 ta bozorda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbeksitan Pavel Durov Cocoon tarmog‘ini ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.