Eng ko‘p sotilgan avtomobil brendlari e’lon qilindi

2025-yilning birinchi yarmida Toyota dunyoning eng ko‘p sotilgan brendi bo‘ldi. Bu haqda Visual Capitalist nashri ma’lum qildi.
Kompaniya 4,7 milliondan ortiq avtomobillar sotib, raqobatchilarni katta farq bilan ortda qoldirdi. Ammo yillik o‘sish bo‘yicha mutlaq yetakchi – Xitoyning BYD kompaniyasi bo‘ldi.
Shuningdek, Volkswagen yilning birinchi yarmida 2,32 million avtomobil sotdi va 5 foizlik o‘sish qayd etdi. Ammo asl holat shuki, VW Yevropa bozoridagi pasayishni Xitoydagi sarmoyalar bilan yopishga urinmoqda. Ford esa bor-yo‘g‘i 1 foiz pasayish ko‘rsatsa-da, ikkinchi yarmi bundan ham murakkab bo‘lishi mumkin. Narxlar bosimi va elektromobil segmentidagi sekinlik kompaniyaga bosim qilmoqda.
BYD 2 milliondan ortiq avtomobil bilan global reytingda 4-o‘rin, ammo 31 foizlik yillik o‘sish – bu avtomobil sanoatida kamdan-kam uchraydigan holat. Mutaxassislarning fikricha, kompaniya 2025-yil oxiriga borib Forddan o‘tib, dunyoda 3-o‘rinni egallashi ehtimoli bor.
Bundan tashqari, Hyundai 1,95 million, Kia esa 1,58 million avtomobil sotdi. Ularning o‘sishi o‘rtacha bo‘lsa-da, global savdo pasaygan davrda bunday barqaror natija yuqori baholanadi.
Shu bilan birga, Honda, Nissan va Suzuki brendlari yillik ko‘rsatkichda pasayish qayd etdi. Buning asosiy sababi – eskirgan model siyosati va elektromobil segmentiga sekin kirish bo‘ldi.
Geely ham yilning eng katta «sakrash»ini amalga oshirdi — yillik o‘sish 59%. Kompaniya global reytingda 12-o‘rinni egallab, Tesla kabi brendlarni ham ortda qoldirishni boshladi.
BMW, Mercedes va Audi kabi premium brendlar esa o‘tgan davr davomida 2–7% oralig‘ida qisqarish qayd etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng ishonchli avtomobil brendlari e’lon qilingani haqida yozgandi.