
Transfermarkt portali Eron Pro-ligasida to‘p surayotgan futbolchilarning transfer narxlarini yangiladi. Yangilangan reytingda o‘zbekistonlik futbolchilar kuchli 10 likdan joy oldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Persepolis» klubi yarim himoyachisi Oston O‘runov 2 mln yevro bilan chempionatning eng qimmat futbolchisi deb topildi. Reytingning kuchli o‘nligiga yana bir o‘zbekistonlik legioner Jaloliddin Masharipov ham kirdi.

24 yoshli Oston O‘runov eng yaqin ta’qibchisini 200 ming yevroga ortda qoldirgan holda yakka peshqadamga aylandi. Ikkinchi o‘rinni «Traktor» klubi a’zosi Husaynzoda va «Istiqlol»dan Jasir Asani band etgan bo‘lib, ularning har biri 1,8 million yevroga baholangan. Shuningdek, «Persepolis» himoyachisi Husayn Kanoni ham xuddi shu narx bilan kuchli to‘rtlikdan joy olgan.
O‘zbekistonlik yana bir tajribali futbolchi, Tehronning «Istiqlol» klubi sharafini himoya qilayotgan Jaloliddin Masharipov reytingning 10-pog‘onasini egalladi. 32 yoshli yarim himoyachining transfer narxi biroz pasayib, 1,2 million yevroni tashkil qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oston O‘runov «Yuventus»ga o‘tishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.