Fond bozori: 16 ta tashkilot aksiyasi o‘sishga erishdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 28-noyabrdan 5-dekabrgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,31 foizga tushdi.
Ushbu davr mobaynida «Hamkorbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 12,56 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zRTXB» (+8,80%) va «Trastbank» (+6,47%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Garant bank» aksiyalari 15,62 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari,«O‘zmetkombinat» (-6,25%) va «UzAuto Motors» (-5,56%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Ipoteka-bank» va «Aloqabank» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.
Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «O‘zRTXB» (544 ta bitim), «Kapital sug‘urta» (481 ta) va «Hamkorbank» (433 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (14,67 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «Elektrqishloqqurilish» (269,93 mln so‘m) va «O‘zRTXB» (176,89 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 18 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz, to‘qqiztasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 217,74 mlrd so‘m bo‘ldi.
Bundan oldingi haftada «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da UCI fond indeksi 3,22 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.
Ushbu davr mobaynida «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 9,86 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zmetkombinat» (+6,67%) va «Hamkorbank» (+6,37%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.