
Xitoy Yo‘lovchi Avtomobillari Assotsiatsiyasi (CPCA) joriy yilning yanvar–oktabr oylarida eng ko‘p xarid qilingan krossoverlar reytingini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, bozor yetakchisi 220 916 dona sotuv bilan Geely Monjaro bo‘ldi.

Model yil boshidan boshlab segmentda birinchi o‘rinda kelgani, yangilangan dizayn va 272 ot kuchiga ega dvigatel uning savdosini yanada oshirganini ko‘rsatdi. Ikkinchi o‘rinni 187 750 dona sotuv bilan Geely Atlas egalladi. Uchinchi pog‘onada 176 669 dona sotilgan Toyota RAV4 qayd etildi. Kuchli beshlikdan Volkswagen Tiguan L (164 867 dona) va Changan CS75 Plus (151 752 dona) ham o‘rin oldi.

Keyingi o‘rinlarda Chery Tiggo 8 — 149 351 dona, Toyota Corolla Cross — 148 555 dona, Volkswagen Tayron — 144 030 dona, Toyota Frontlander — 141 756 dona va Honda CR-V — 141 422 dona sotildi. Mazkur modellar an’anaviy ichki yonuv dvigatelli krossoverlar hisoblanadi.

Reytingning 11–20-pog‘onalarida Volkswagen Tharu, Haval Dargo, Geely Coolray, Buick Angkewei Plus, Audi Q5L, Mercedes-Benz GLC, Toyota Wildlander, Honda Breeze, Jetour X70 va Haval H6 joylashdi. Ushbu modellarning sotuv hajmi 123 mingdan 73 ming dona oralig‘ida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geely Galaxy Starshine 7 avtomobilining xususiyatlari haqida yozgan edik.