Humans ilovasidagi to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatildi, o‘zbekistonliklar Telegram orqali kriptovalyuta sotib olishi mumkin — 9-dekabrning muhim hodisalari

Bukmekerlikni targ‘ib qiluvchi 70 ga yaqin veb-sayt bloklandi, o‘zbekistonliklar Telegram orqali kriptovalyuta sotib olishi mumkin — Kursiv Uzbekistan tomonidan 9-dekabrning muhim hodisalari jamlandi.
«Texnopark» MChJ rahbariga chora ko‘rildi

Yashnobod tumanida joylashgan «Texnopark» MChJga tegishli cho‘yan quyish sexida o‘tkazilgan tekshiruv davomida chang-gaz tozalash uskunasi mavjudligi aniqlandi. Uskuna belgilangan me’yorlardan ortiqcha ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga chiqarayotgan bo‘lgan.
Hokim va uning o‘rinbosarlari har 5 yilda rotatsiya qilinadi

Kelasi yildan respublikaning 33 ta tuman va shaharda kadrlar rоtatsiyasi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab «Yangi O‘zbekiston» qiyofasidagi tuman (shahar) maqomiga ega bo‘lgan 33 ta hudud hokimliklarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.
Xususiy havo datchiklari nega rasmiy ko‘rsatkichlardan farq qilmoqda — «O‘zgidromet» javob berdi

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, ko‘plab tashkilotlar hamda fuqarolar tomonidan qurilmalar o‘rnatish standartlari va yo‘riqnoma talablariga muvofiq o‘rnatilmagani, natijada ko‘rsatkichlar xatoliklar bilan aks etayotgani aniqlandi. Noto‘g‘ri o‘rnatilgan datchiklar esa havo sifati bo‘yicha to‘g‘ri tasavvur shakllantirishga xalal berib, aholiga taqdim etilayotgan ma’lumotlarning sifatiga ta’sir qilgan. Shu bois «O‘zgidromet» o‘rganishlar davomida datchik egalari uchun qurilmalarni to‘g‘ri o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Dollar kursi dekabrning ilk haftasida qanchaga oshdi

1 – 5-dekabr kunlari O‘zbekistonda AQSh dollarining rasmiy kursida ketma-ket tebranishlar kuzatildi. «Kursiv» nashri dollar valyutasining hafta davomidagi o‘zgarishi haqidagi maqolasini e’lon qiladi. Hafta boshida dollar ko‘tarilishdan start oldi. 1-dekabr kuni valyuta kursi 11 940,95 so‘m etib belgilandi va oldingi kunga nisbatan 38,65 so‘mga oshdi.
Bukmekerlikni targ‘ib qiluvchi 70 ga yaqin veb-sayt bloklandi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi 70 ga yaqin veb-sayt bloklandi. Unga ko‘ra, joriy yilda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 86 ta veb-saytlar haqida tegishli nazorat organiga ma’lumotlar kiritildi. Shundan 70 ga yaqin sayt qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning tarqalishini oldini olish maqsadida belgilangan tartibda bloklandi.
AQSh muhojirlarga ishlash uchun ruxsat muddatini qisqartirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati muhojirlar, boshpana so‘raganlar va boshqa migrantlar uchun ishlash ruxsatlarining amal qilish muddatini besh yildan 18 oygacha qisqartirdi. AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) direktori Jozef Edlou bayonotiga ko‘ra, qaror 26-noyabr kuni Vashingtonda milliy gvardiya a’zolari otib o‘ldirilgan voqeadan keyin jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Endi o‘zbekistonliklar Telegram orqali kriptovalyuta sotib olishlari mumkin

O‘zbekistonda Telegram messenjeri ichiga integratsiya qilingan xalqaro kripto hamyon Wallet ishga rasman tushirildi. Foydalanuvchilar endilikda mahalliy to‘lov tizimlari yordamida kriptovalyuta xarid qilish va sotish imkoniga ega bo‘ldi.
Humans ilovasidagi to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatildi — Markaziy bank izoh berdi

Markaziy bank 9-dekabr holatiga Humans mobil ilovasi orqali «Octagram» AJ tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Regulyatorga ko‘ra, 8-dekabr kuni ertalab fuqarolar Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar bildirgan. Shundan so‘ng Markaziy bank Octagram bilan bog‘lanib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida P2P operatsiyalarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
«Humans» MChJ bankrot deb topildi
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi «Humans» MChJni bankrot deb topish bo‘yicha «Octobank» AJ arizasini to‘liq qanoatlantirdi. Kursiv Uzbekistan sud hujjati bilan tanishdi.
Sud qaroriga ko‘ra, «Humans» MChJ bankrot deb topildi va uning faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatish (likvidatsiya) tartibi boshlanadi. Tugatish boshqaruvchisi etib Abrorjon Madraximov tayinlandi. U kompaniya faoliyatini tahlil qiladi, mulkini hisobga oladi, qarzlarni qoplash bo‘yicha ishlarni olib boradi va 2026-yil 10-iyulgacha yakuniy hisobotni sudga taqdim etishi kerak.
Dollar haftani o‘sish bilan boshladi: 10-dekabr uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

10-dekabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 003,18 so‘m (+13,09 so‘m) etib belgilandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 12,86 so‘mga oshib, 13 987,31 so‘mni, rubl esa 1.27 so‘mga pasayib, 156,68 so‘mni tashkil qildi.
Fond bozori: 16 ta tashkilot aksiyasi o‘sishga erishdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 28-noyabrdan 5-dekabrgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,31 foizga tushdi. Ushbu davr mobaynida «Hamkorbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 12,56 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zRTXB» (+8,80%) va «Trastbank» (+6,47%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Avvalroq 8-dekabrda sodir bo‘lgan muhim hodisalar e’lon qilingandi.