«Humans» MChJ bankrot deb topildi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan sud hujjati bilan tanishdi
«Humans» MChJ bankrot deb topildi, kompaniya «Octobank»ga qariyb 400 mlrd qarzdor / Foto: Humans

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi «Humans» MChJni bankrot deb topish bo‘yicha «Octobank» AJ arizasini to‘liq qanoatlantirdi. Kursiv Uzbekistan sud hujjati bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2025-yil 13-iyundagi qaroriga binoan Humans’dan Octobank’ga qariyb 400 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni undirilishi belgilangan. Aniqrog‘i, 399,8 mlrd so‘m asosiy qarz, 605,2 mln so‘m mukofot pulidan qarzdorlik, 19,6 mlrd so‘m penya va 9,6 mlrd so‘m davlat boji hamda boshqa xarajatlar mavjud. Biroq hozirgi kungacha qarzdordan pul mablag‘lari undirilmagan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yil 14-oktabrdagi qarorida «Humans» MChJ doimiy to‘lovga qodir emasligi, sudning avvalgi qarori asosida chiqarilgan ijro varaqasi bo‘yicha ham qarzlar undirilmagani qayd etilgan. Shundan so‘ng Octobank kompaniyani to‘lovga qodir emas, ya’ni bankrot deb topishni so‘rab sudga murojaat qilgan.

Ekran tasviri sud hujjatidan

Sud qaroriga ko‘ra, «Humans» MChJ bankrot deb topildi va uning faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatish (likvidatsiya) tartibi boshlanadi. Tugatish boshqaruvchisi etib Abrorjon Madraximov tayinlandi. U kompaniya faoliyatini tahlil qiladi, mulkini hisobga oladi, qarzlarni qoplash bo‘yicha ishlarni olib boradi va 2026-yil 10-iyulgacha yakuniy hisobotni sudga taqdim etishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 9-dekabr holatiga Humans mobil ilovasi orqali «Octagram» AJ tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Regulyatorga ko‘ra, 8-dekabr kuni ertalab fuqarolar Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar bildirgan. Shundan so‘ng Markaziy bank Octagram bilan bog‘lanib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida P2P operatsiyalarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek