Kelgusi yillarda 21 ming km yo‘lni qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi

eʼlon qilindi
14 ming km tuproq yo‘llari shag‘allashtiriladi
Kelgusi yillarda 21 ming km yo‘lni qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni avtomobil yo‘llari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Soha rivojiga qariyb 40 trln so‘m ajratilib, 63 ming kilometr yo‘lda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Xorijdan jalb qilinayotgan mablag‘lar 2025-yilda $1,2 mlrdga yetdi. Yo‘l qurilishida hududning geologik va ekologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda loyihalashtirish amaliyoti joriy etildi, zamonaviy turdagi qoplamalar yo‘llarning xizmat muddatini 1,5 barobarga oshirdi.

Kelgusi yillarda 21 ming km yo‘lni qurish va ta’mirlash, 14 ming km tuproq yo‘llarni shag‘allashtirish hamda 325 ta ko‘prikni ta’mirlash rejalashtirilgan. Bunda xorijiy ekspertlar va texnologiyalarni keng jalb qilish topshirildi.

Og‘ir yuk avtomashinalari harakati natijasida 1,8 ming km yo‘l ta’mirtalab holga kelgani ta’kidlandi. Yuk transporti vaznini nazorat qilish uchun o‘lchov tarozilari tarmog‘i kengaytiriladi. Hozirda 9 ta tarozi faoliyat yuritmoqda, 8 tasini o‘rnatish ishlari davom etmoqda, kelgusida yana 35 ta nazorat-o‘lchov maskani barpo etiladi.

Foto: President.uz

Mutasaddilarga og‘irlik va gabarit nazorati bilan bog‘liq idoralararo elektron axborot tizimini ishga tushirish va og‘ir transport vositalari harakatini mavsumiy cheklash tartibini ishlab chiqish topshirildi.

Yangi yo‘llarning 61 foizi va ichki yo‘llarning 92 foizi xususiy sektor tomonidan qurilmoqda. Kelgusi yilda 3 ming kilometr, 2030-yilga borib esa 6,3 ming km yo‘llarni saqlashga tadbirkorlar jalb qilinadi. Shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan yo‘llarni mahalliy pudratchilarga berish rejalashtirilgan.

Sohada raqamlashtirish darajasi pastligi qayd etilib, 28 ta xizmatni elektron shaklga o‘tkazish, intellektual transport tizimini joriy etish va 7 ta yangi elektron platformani ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Prezident avtomobil yo‘llarini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirig‘ini berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev mahallalarni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududlarga aylantirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha axborot bilan tanishgan edi.

Shuningdek