Kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni boshqa qadoqda dorixonaga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qamoqqa olindi

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini biologik faol qo‘shimcha qadog‘ida sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Unga ko‘ra, toshkentlik fuqaroning Uchtepada joylashgan uyi ko‘zdan kechirilganda, uyidan 1,8 ming dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topildi va rasmiy tartibda musodara qilindi.
Aniqlanishicha, tarkibida yuqori miqdorda pregabalin moddasi mavjud bo‘lgan bu psixotrop dorilar biologik faol qo‘shimcha (BFQ) idishlariga joylab, keyinchalik dorixonalarda yashirincha sotish rejalashtirilgan.
DXX hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilganini ma’lum qildi.
Avvalroq Toshkent viloyatida ham ikki fuqaro «Regapen» dori vositasi bilan qo‘lga tushgandi. Tezkor tadbir davomida fuqarolarning «Lacetti» rusumli avtomashinada xorijda ishlab chiqarilgan 224 dona «Regapen» nomli inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kelayotgani aniqlandi. Ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.