
Geely tarkibidagi Lotus kompaniyasi yangi Lotus For Me modelini rasman namoyish etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Modelning bozorga chiqishi 2026-yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan. For Me tashqi dizayni Eletre bilan bir xil uslubda ishlangan. Krossoverning uzunligi 5 103 mm, eni 2 019 mm, balandligi esa 1 636 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 019 mm. Kenglik va balandlik nisbati 1,24 bo‘lib, bu ko‘rsatkich ham Eletre bilan mos keladi. Avtomobil Pirelli P Zero 5 LTS shinalari va Brembo‘ning olti porshenli old tormoz supportlari bilan jihozlangan. Tormoz masofasi 33,9 metrni tashkil etadi. Orqa qismda faol spoyler o‘rnatilgan.

Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, model uchun bir qator opsiyalar taklif qilinadi. Ular orasida yig‘ma lidar tizimi, tom yuklash relslari, turli dizayndagi disklar, rangli tormoz supportlari hamda elektr tortish ilgagi mavjud.
For Me plug-in gibrid kuch qurilmasiga ega. Tizim 2,0 litrli turbomotor va old hamda orqa o‘qlarga ulangan ikki elektromotordan iborat. Umumiy quvvat 952 ot kuchiga teng. Krossover 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 3,3 soniyada chiqadi. Avtomobil 900 V yuqori kuchlanishli platforma asosida qurilgan va 70 kVt·soatli batareyaga ega. CLTC sikli bo‘yicha sof elektr yurish masofasi 420 kmni tashkil etadi. 6C tezkor quvvatlash texnologiyasi yordamida batareya 30 foizdan 80 foizgacha bor-yo‘g‘i 8 daqiqada to‘ldiriladi.

Osma qismda ikki kamerali, ikki klapanli pnevmatik suspenziya, CCD uzluksiz amortizatsiya boshqaruvi, moslashuvchan amortizatorlar va faol stabilizatorlar qo‘llangan. Ular avtomobilga yuqori barqarorlik va sport uslubidagi boshqaruvni ta’minlaydi.
For Me brend tarixida ilk PHEV krossover sifatida ishlab chiqarilmoqda. Taqqoslash uchun, to‘liq elektrli Lotus Eletre’ning 2026-yilgi versiyasi sentabr oyida bozorga chiqib, boshlang‘ich narxi $77,6 ming etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Lotus yangilangan Emeya va Eletre avtomobillarini taqdim etgani haqida yozgan edi.