2026-yilda O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasi 4,5 foizga tushiriladi

eʼlon qilindi
Joriy yilda bu ko‘rsatkich 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda
2026-yilda O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasi 4,5 foizga qisqartiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev mahallalarni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududlarga aylantirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Majlisda «mahalla yettiligi» faoliyatida samaradorlik mezonlari yo‘qligi ta’kidlanib, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda mas’uliyatni kuchaytirish zarurligi bildirildi. «Yettilik» faoliyati aholi bandligi va daromadlarida aks etishi lozimligi, bu borada manzilli ishlarni kuchaytirish topshirildi. Shuningdek, mahallalardagi muammolarni aniqlab, ularni hal etishga e’tiborni kuchaytirish belgilandi.

Foto: President.uz

Og‘ir toifadagi mahallalardagi ishlar ko‘rib chiqilib, infratuzilma, elektr ta’minoti, internet sifati va tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi. Joriy yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi, kelgusi yilda uni 4,5 foizga qisqartirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Buning uchun bandlik xizmatlari qamrovini kengaytirish, daromad manbalarini yaratish, aholini kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb etish vazifalari belgilandi.

Har bir kambag‘al oila uchun individual rejalar ishlab chiqish muhim ekani qayd etildi. Loyihaviy yondashuv doirasida «Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori», «Teng imkon – inklyuziv bandlik», «Barqaror kelajak sari», «20 ta mahalliy brend», «Bir kontur – bir mahsulot», «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish» kabi dasturlar orqali 1 million nafar kambag‘al aholining qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Foto: President.uz

Mahallalarda kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish, chegara va anklav hududlarda infratuzilmani yaxshilash, tunu kun ishlaydigan ko‘chalar, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlari hamda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, Bandlik dasturining 2025-yil ijrosi, 2026-yilgi dastur va norasmiy bandlikni qisqartirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirish hamda agrar sohada subsidiya berishning yangi tizimi bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi.

Shuningdek