
«UzEltexsanoat» assotsiatsiyasi va Janubiy Koreyaning Robotis kompaniyasi O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum imzoladi. Bu uchun Toshkentda 66 ming kvadrat metr maydonda ishlab chiqarish maydoni ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Gumanoid robotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar O’zbekiston-Janubiy Koreya biznes davra suhbatida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi ishtirok etdi.
O‘zbekiston ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlariga birinchi darajali e’tibor qaratishga tayyorligi ta’kidlandi. Shuningdek, hujjatda yangi soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish masalasi ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Robotis kompaniyasi 1999-yilda Seulda tashkil etilgan bo‘lib, robototexnika uskunalari – modul «aqlli» dvigatellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. So‘nggi yillarda kompaniya avtonom xizmat robotlari, jumladan, kuryer robotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA kosmosda manipulyator robotini sinovdan o‘tkazmoqchi ekanligi haqida xabar bergan edik.