O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi qanday ishlaydi

O‘zbekistonda «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Hujjat 2026-yil boshidan kuchga kiradi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, ijtimoiy sug‘urta majburiy va ixtiyoriy shaklda amal qiladi. Sug‘urta hodisasi sifatida fuqaroning kasalligi, homiladorlik va tug‘uruq holatlari, shuningdek, ishini yo‘qotishi yoki daromadidan mahrum bo‘lishi e’tirof etiladi.
Bunday holatlar yuzaga kelganda, sug‘urtalangan shaxslar yoki ularning oila a’zolariga pul to‘lovlari amalga oshiriladi. Ular kasallik bo‘yicha nafaqa, homiladorlik va tug‘uruq bilan bog‘liq nafaqa hamda ishsizlik bo‘yicha to‘lovlarni o‘z ichiga oladi.
Nafaqa miqdori to‘langan sug‘urta badallariga bog‘liq bo‘ladi. Badallarning hajmi va to‘lash muddatlari amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Rasmiylarga ko‘ra, mamlakatda ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish aholining tibbiy va ijtimoiy xavfsizligini kuchaytirish, og‘ir hayotiy vaziyatlarda davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada samarali ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 2026-yilda Sirdaryo viloyatida 40 ta yangi loyiha amalga oshirilishi haqida yozgan edi.