Yangiliklar

O‘zbekistonning ikki hududida 10–12-dekabr kunlari qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi

Toshkent va Namangan viloyatlarida
O‘zbekistonning ikki hududida 10–12-dekabr kunlari qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekiston hududida 10–12-dekabr kunlari kutilayotgan kuchli yog‘ingarchilik va havo haroratining keskin o‘zgarishi tufayli bir nechta tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi yuzaga kelmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» ma’lum qildi.

Xususan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Ohangaron va Parkent tumanlari (Chotqol tizmasi tog‘lari), Namangan viloyatining Pop tumanida xavf darajasi oshgan.

«O‘zgidromet» tog‘li hududlarda yashovchi aholi, dam oluvchilar va ushbu yo‘nalishlarda qatnovchi haydovchilarga alohida ehtiyotkorlik choralariga amal qilishni tavsiya qilmoqda. Ob-havo sharoiti yomonlashishi ortidan ayrim yo‘llarda sirpanchiq holat, ko‘chki xavfi va ko‘rinuvchanlikning pasayishi ehtimoli bor.

Avvalroq «Kursiv» nashri 8-dekabrdan O‘zbekistonga sovuq va nam havo kirib kelishi haqida yozgandi.

9 – 10-dekabr kunlari shimoliy va cho‘l hududlarida shamol kuchayadi. Ba’zi joylarda tezlik 15–18 m/s, ayrim hududlarda esa 20–22 m/s gacha yetishi mumkin.

10-dekabrga kelib markaziy hududlarda kechalari 2–5 daraja sovuq, kunduzi 3–6 daraja iliq bo‘ladi. Shimolda esa kechalari 7–10 daraja sovuq, kunduzi 0–3 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, 7-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida qor yog‘gandi.