
Samsung Xitoy bozorida Samsung Galaxy Z TriFold uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi. Savdo rasmiy tarzda 12-dekabr kuni start oladi.
Smartfon 16 GB tezkor xotira va 512 GB xotirali talqinda 19 999 yuan bahosida taklif etilmoqda, bu taxminan $2,8 mingga teng. 1 TB xotiraga ega versiya esa 21 999 yuan etib belgilangan bo‘lib, qiymati $3,1 ming atrofida baholanmoqda. Qurilma faqat qora rangda sotiladi va ushbu narx segmentida Huawei Mate XT bilan raqobatlashadi.
Galaxy Z TriFold’ning asosiy jihati — ikki marta buklana oladigan konstruktsiya hisoblanadi. Smartfon 10 dyuymli Dynamic AMOLED asosiy displeyga ega bo‘lib, 120 Hz yangilanish chastotasi hamda 1600 nitgacha yorqinlikni taqdim etadi. Buklangan holatda esa 6,5 dyuymli tashqi ekran ishlatiladi, uning maksimal yorqinligi 2600 nitga yetadi.

Ichki qismida Snapdragon 8 Elite for Galaxy protsessori joy olgan. Uch bo‘lakka bo‘lingan 5600 mA/soat sig‘imli akkumulyator 45 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Kamera tizimi 200 MP asosiy modul, 12 MP ultra keng burchakli kamera va 10 MP teleobyektivdan iborat.
Smartfon korpusi mustahkam alyuminiy hamda keramik tolali materiallardan tayyorlangan. Sharnirlar uchun yangi mexanizm qo‘llangan bo‘lib, buklash ishonchliligini oshiradi. Qurilmaning buklangan holatdagi qalinligi taxminan 12 mm, vazni esa 309 grammni tashkil etadi.
Galaxy Z TriFold Android 16 asosidagi One UI 8 interfeysi bilan ishlaydi. Qurilma Galaxy AI sun’iy intellekt funksiyalari hamda Samsung DeX mustaqil rejimini qo‘llab-quvvatlaydi. DeX yordamida 10 dyuymli ekranning o‘zida ish stoli interfeysi tarzida ishlash imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri smartfonlarning narxi qimmatlashi mumkinligi haqida yozgan edi.