Soliq mobil ilovasidan foydalanuvchilar soni 13,7 mln nafarga yetdi

Davlat soliq xizmati 2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, Soliq mobil ilovasidan foydalanish bo‘yicha yangilangan statistikani e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 14,5 mln kishidan oshgan. Shundan 13,7 mln nafari faol foydalanuvchilar hisoblanadi. Shaxsini tasdiqlagan foydalanuvchilar soni esa 8,8 mln nafarga yetgan.
Noyabr oyidagi foydalanish hajmi 89,8 mln martani tashkil etdi. Eng ko‘p foydalanilgan xizmatlar quyidagilar bo‘ldi: eng katta ulush xarid cheklarini keshbekka topshirish xizmatiga to‘g‘ri kelib, 32,4 mln marta ishlatilgan. Soliqlarni to‘lash xizmati orqali 21 mln martadan ortiq murojaat amalga oshirilgan. Soliq Biznes bo‘limi esa 2,6 mln marta foydalanilgan. Soliq hamkori xizmati 1,58 mln marta, quyoshli xonadon yo‘nalishi esa 1,78 mln marta qo‘llanilgan.
Shuningdek, Mening uyim xizmati orqali 6,5 mln marta, jarimalarni tekshirish bo‘limi orqali 3,5 mln marta murojaat amalga oshirilgan. O‘zini o‘zi band qilish xizmati 1,26 mln marta, elektr ijara (e-ijara) xizmati esa 775 ming marta ishlatilgan. Boshqa xizmatlar bo‘yicha umumiy foydalanish soni 18 mln martadan oshgan.

Hisobotda foydalanuvchilarning to‘lov platformalaridan foydalanish ulushi ham keltirilgan. To‘lovlarning 73,5 foizi Soliq mobil ilovasi orqali, 26,5 foizi esa bank ilovalari orqali amalga oshirilgan.
Bank xizmatlari bo‘yicha eng faol ilovalar qatoridan Uzumbank, Payme, Click Up, TBC UZ, Paynet.Uz, Alif Mobi hamda boshqa yirik bank va to‘lov tizimlari joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarga ikki milliard so‘m berilishi haqida yozgan edi.