“Texnopark” MChJ rahbariga chora ko‘rildi

Toshkent shahrida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan I va II toifali obyektlar ko‘zdan kechirildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Yashnobod tumanida joylashgan «Texnopark» MChJga tegishli cho‘yan quyish sexida o‘tkazilgan tekshiruv davomida chang-gaz tozalash uskunasi mavjudligi aniqlandi. Uskuna belgilangan me’yorlardan ortiqcha ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga chiqarayotgan bo‘lgan. Korxona faoliyati bo‘yicha ekologik ekspertiza xulosasi ham olinmagan.

Aniqlangan holat bo‘yicha korxona rahbariga belgilangan tartibda chora ko‘rildi va atmosfera havosini ifloslantirish bilan bog‘liq qo‘shimcha to‘lovlar hisoblandi. Bundan tashqari, korxonaga ifloslantiruvchi manbalarni bartaraf etish, avtomatik nazorat stansiyalarini o‘rnatish hamda ekologik ekspertiza xulosasini olish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekokomissiya Qibray tumanidagi issiqxonalarda ekoreydlar o‘tkazgan edi.