Gadjetlar

Vivo S50’ning fotosur’atlari taqdimotdan oldin e’lon qilindi — foto

Taqdimot 15-dekabr kuni
Vivo S50’ning fotosur’atlari taqdimotdan oldin e’lon qilindi
Foto: ITHome

Vivo S50’ning rasmiy taqdimoti 15-dekabr kuni Xitoyda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.

Smartfon tashqi ko‘rinishidan mustahkam, aviatsiya alyuminiydan tayyorlangan ramkaga ega. Qurilma 6,59 dyuymli tekis OLED ekrani, 1,5K o‘tkir tasviri va juda ingichka ramkasi bilan ajralib turadi.

Og‘irlik markazining 1:1 tarzda taqsimlanishi esa uni qo‘lda ushlaganda yanada qulay qiladi. Qadoqda quvvat bloki, kabel va himoya g‘ilof bor, biroq zaryadlovchi USB-C emas, USB-A portiga ega.

Asosiy texnik jihatlar ham oshkor bo‘lgan. Vivo S50’ga Snapdragon 8s Gen 3 protsessori o‘rnatiladi va u 12/256, 16/256, 12/512 hamda 16/512 gigabaytlik to‘rtta xotira variantida taqdim etiladi. Orqa kamera tizimida ikkita 50 megapikselli sensordan foydalanilgan: asosiy modul Sony LYT-700, periskop linzali zoom kamerasi esa Sony IMX 882 sensori bilan ishlaydi.

Old kamera ham 50 megapikselli bo‘lib, selfi suratlarni yuqori sifatda olishga mo‘ljallangan.
Smartfon 6500 mA/soat sig‘imli katta batareya va 90 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Qurilma IP68/69 darajasidagi suv va changdan himoyalanish, ekrandagi ultratovushli barmoq izi skaneri, Android 16 operatsion tizimi va OriginOS 6 interfeysi bilan ishlaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vivo S50 Pro Mini smartfoni haqida ilk ma’lumotlar paydo bo‘lgani haqida yozgandi.