Xususiy havo datchiklari nega rasmiy ko‘rsatkichlardan farq qilmoqda — «O‘zgidromet» javob berdi

«O‘zgidromet» mutaxassislari rasmiy va xususiy havo sifati datchiklari orasidagi katta tafovut sababini tushuntirdi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, ko‘plab tashkilotlar hamda fuqarolar tomonidan qurilmalar o‘rnatish standartlari va yo‘riqnoma talablariga muvofiq o‘rnatilmagani, natijada ko‘rsatkichlar xatoliklar bilan aks etayotgani aniqlandi.
Noto‘g‘ri o‘rnatilgan datchiklar esa havo sifati bo‘yicha to‘g‘ri tasavvur shakllantirishga xalal berib, aholiga taqdim etilayotgan ma’lumotlarning sifatiga ta’sir qilgan. Shu bois «O‘zgidromet» o‘rganishlar davomida datchik egalari uchun qurilmalarni to‘g‘ri o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, Maxsus komissiya Air Tashkent tizimi faqat sertifikatlangan davlat stansiyalari ma’lumotlaridan foydalangani uchun uning ko‘rsatkichlari IQAir kabi xususiy platformalardan farq qilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Air Tashkent’ning soat 10:00 dagi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtning ikkita hududidagi stansiyada havo sifati «yashil» (yaxshi), to‘rttasida esa «sariq» (o‘rtacha) ko‘rsatkichni qayd etgan.
Avvalroq 9-dekabr kuni respublikaning ayrim joylarida yomg‘ir va qor yog‘ishi, tog‘li hududlarda esa qor ko‘chishi xavfi mavjudligi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, poytaxtda harorat kunduz kuni +7°gacha bo‘lib, yomg‘ir yog‘adi.