Yevropakomissiya Mars kompaniyasining 36 milliard dollarlik kelishuvini tasdiqladi

Yevrokomissiya Mars korporatsiyasiga Pringles chipslari va Cheez-It krakerlarini ishlab chiqaruvchi Kellanova kompaniyasini sotib olish bo‘yicha bitimni ma’qulladi. Kelishuv qiymati $35,9 mlrdni tashkil etadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Komissiya tekshiruv yakunlariga ko‘ra, ushbu bitim Yevropa bozorida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini bildirgan va kelishuvga ruxsat bergan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, Mars xarid jarayonini 11-dekabr kuni yakunlashni rejalashtirmoqda.
Mars Snacking prezidenti Endryu Klark bitim kompaniya brendlar portfelini sezilarli darajada kengaytirishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pringles va Cheez-It’ning qo‘shilishi Mars’ning gazak mahsulotlari segmentidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Mars — AQShda 1911-yilda tashkil etilgan yirik xususiy xalqaro korporatsiya hisoblanadi. U Mars, Snickers, Twix, M&M’s kabi mashhur shirinlik brendlari, shuningdek, Pedigree, Whiskas va Royal Canin nomli uy hayvonlari ozuqalari bilan tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonga shokolad importi yil boshidan beri 15% ga kamaygani haqida yozgan edi.