Yevropa Ittifoqi Google’ni antimonopoliya tekshiruviga oldi

eʼlon qilindi
YouTube’ga yuklangan videolardan sun’iy intellekt modellarini o‘qitishda qanday foydalanayotgani ustidan
Yevropa Ittifoqi
Foto: OCED

Yevropa Ittifoqi Google’ning nashriyotlar tomonidan yaratilgan onlayn materiallar va YouTube’ga yuklangan videolardan sun’iy intellekt modellarini o‘qitishda qanday foydalanayotgani ustidan navbatdagi antimonopoliya tergovini boshladi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Bu kompaniyaga nisbatan so‘nggi bir oy ichida ochilgan ikkinchi katta surishtiruv bo‘lib, Yevropa texnologiya gigantlari ustidan nazoratni keskin kuchaytirayotganidan darak beradi.

Brusselning bayonotiga ko‘ra, asosiy e’tiroz Google’ning AI Overviews, ya’ni izlash natijalari ustida paydo bo‘ladigan sun’iy intellekt asosidagi qisqa xulosalar uchun nashriyotlar kontentidan yetarli kompensatsiya to‘lamasdan foydalanayotgani bilan bog‘liq. Xuddi shunday xavotirlar YouTube videolari bo‘yicha ham bildirilgan: foydalanuvchilar yuklagan videolar SI modellarni o‘qitishga jalb etilishi mumkin, lekin yaratuvchilarga bu borada tanlov huquqi berilmayotgani aytilmoqda.

Yevrokomissiya vitse-prezidenti Tereza Ribera Google’ni qidiruv tizimida o‘z ustun mavqeyidan foydalanib, nashriyotlarga adolatdan yiroq shartlarni yuklashda aybladi. Uning ta’kidlashicha, internetdagi sog‘lom axborot muhitini saqlash uchun nashriyotlar sifatli kontent yaratishga imkon beruvchi sharoit bo‘lishi zarur va texnologiya gigantlari bu jarayonda hukmronlik qilmasligi kerak.

Google esa ayblovlarni rad etib, bunday shikoyatlar innovatsiyani susaytirishini ta’kidladi. Kompaniya vakillari Yevropa foydalanuvchilari sun’iy intellektning so‘nggi imkoniyatlaridan foydalanish huquqiga ega ekanini, Google esa media-industriya bilan hamkorlikni davom ettirishini bildirdi.

Shu bilan birga, Buyuk Britaniyadagi mustaqil nashriyotlar ittifoqi va raqamli reklama sohasidagi bir nechta tashkilotlar Google’ni internetdagi asosiy kelishuvni buzishda aybladi. Ularning fikricha, ilgari qidiruv tizimi barcha saytlarni teng sharoitda indekslab, foydalanuvchilarga taqdim etgan bo‘lsa, endi AI Overviews ustuvorlikka ega bo‘lib, saytlardan olingan ma’lumotlarni o‘z xizmatiga ishlatadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google 2025-yil bo‘yicha eng mashhur qidiruv natijalarini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek