2026-yilgi Haj mavsumida Ka’bada suratga olish taqiqlanmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 2026-yilgi Haj davomida Masjid al-Haram va Masjid an-Nabaviyda suratga olish to‘liq taqiqlanadi mazmunidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Saudiya Arabistonining biror rasmiy idorasi tomonidan bunday qaror e’lon qilinmagan, deya xabar bermoqda The Islamic Information nashri.
Mavzu yuzasidan Saudiya Arabistonining Haj va Umra vazirligi hamda boshqa rasmiy manbalar hech qanday yangi cheklov yoki taqiq kiritilmaganini tasdiqlagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yolg‘on ma’lumotlarda go‘yoki ziyoratchilar orasidagi tirbandlikni kamaytirish uchun barcha turdagi foto va videoga olish, jumladan, mobil telefon orqali suratga olish ham taqiqlanishi aytilgan. Bu ma’lumotlar tasdiqlanmagan sahifalar tomonidan tarqatilgan va rasmiy manbalarda aks etmagan.
Nashr ikki muqaddas masjidda suratga olish tartibi o‘zgarmaganini ta’kidladi. Amaldagi qoidalar avvalgidek qoladi: ziyoratchilar hurmatni saqlagan holda ibodatga xalal bermasdan suratga olishi mumkin.
Mutasaddilar bunday yolg‘on xabarlar Haj yoki Ramazon arafasida tez-tez paydo bo‘lishini, shuning uchun axborot manbalarini tekshirish muhimligini eslatmoqda.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda «Haj va Umra yagona portali» ishga tushgani haqida yozgandi.