2026-yili O‘zbekistonga Xitoydan 50 dan ortiq agrodron olib kelinadi

2026-yili O‘zbekistonga Xitoydan 50 dan ortiq agrodron olib kelinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Davlat rahbari joriy yilda 100 dan ortiq dron yordamida yer maydonlari monitoringi va agrotexnik tadbirlar amalga oshirilganini qayd etdi. Kelasi yili esa Xitoydan yana 50 dan ortiq zamonaviy agrodron olib kelinadi. Har bir viloyatda kamida ikkitadan dron mobil kompleksi orqali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, agrar sohada dronlarning ruxsat etilgan uchish og‘irligi 100 kilogrammdan 250 kilogrammgacha oshiriladi.
«O‘z faoliyatiga raqamli texnologiya va sun’iy intellektni olib kirib, kam xarajat bilan yuqori hosildorlikka erishayotgan fermer va klasterlarimiz soni ham ko‘payib borayotgani meni xursand qiladi», – dedi davlat rahbari.
Avvalroq fermerlarga past stavkali kreditlar toifalarga qarab ajratilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, fermerlar orasida «intizomli boʻlish – arzon kredit» modelini shakllantirish uchun «A» kredit reytingiga ega xoʻjaliklarga 2 foizga, «B» toifadagilarga 1 foizga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish va shu orqali intizomli fermerlarning kredit yukini kamaytirish taklif qilindi.