Amazon Hindistonga 35 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritadi

eʼlon qilindi
Kompaniya 2030-yilgacha sun’iy intellekt va eksport salohiyatini oshirishni rejalashtirmoqda
AP Photo/Eric Risberg

Amazon kompaniyasi 2030-yilgacha Hindistondagi faoliyatini kengaytirish maqsadida $35 mlrddan ortiq investitsiya kiritishini e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

AQShning yirik texnologik kompaniyalari Hindistonga sarmoya kiritishni faollashtirmoqda. Avvalroq Microsoft sun’iy intellekt va bulutli infratuzilma uchun $17,5 mlrd, Google esa ma’lumotlar markazlarini qurish uchun kelgusi besh yilda $15 mlrd ajratishini ma’lum qilgan edi.

Foto: The Sun Malaysia

Amazonning yangi investitsiyalari Hindistonning milliy ustuvor yo‘nalishlariga mos ravishda logistika infratuzilmasini yaxshilash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi. Ayni paytda kompaniya mahalliy bozorda Walmart’ga tegishli Flipkart va Reliance Industries chakana savdo tarmog‘i bilan raqobatlashmoqda.

Kompaniya 2030-yilgacha mamlakatda qo‘shimcha 1 mln ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, so‘nggi o‘n yil ichida Hindistondagi sotuvchilar uchun $20 mlrdlik eksportni ta’minlagan Amazon, bu ko‘rsatkichni 2030-yilga kelib $80 mlrdga yetkazishni maqsad qilgan.

Amazon 2010-yildan beri Hindistonga jami $40 milliard sarmoya kiritgan. Aholisi eng ko‘p va internet foydalanuvchilari soni tez o‘sayotgan Hindiston kompaniya uchun strategik muhim bozor hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon 15 milliard dollarlik obligatsiya chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek