Chevrolet Cobalt avtomobilining yonilg‘i sarfi qancha

10-dekabr 2025 18:20 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: OLX

Chevrolet Cobalt O‘zbekistonda eng mashhur oilaviy sedanlardan biri sanaladi. Haydovchilar uchun uning eng muhim afzalliklaridan biri – yonilg‘i tejamkorligi hisoblanadi. «Kursiv» nashining ushbu maqolasida Chevrolet Cobalt avtomobilining yoqilg‘i sarfi haqida ma’lumot beriladi.

Ishlab chiqaruvchilar nima deydi

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi bergan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Cobalt shahar sharoitida mexanik uzatmada 100 km yo‘lga taxminan 8,4 litr, magistral yo‘llarda bu ko‘rsatkich mos ravishda 6,2 va 6,7 litrni tashkil etadi. Aralash rejimda o‘rtacha sarf 7-8 litr atrofida baholanadi.

Foto: OLX

Tajriba o‘z so‘zini aytadi

Amaliy haydashda yuqoridagi raqamlar bir oz yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Xususan, Toshkent kabi tirband shahar muhitida, ayniqsa, yoz faslida konditsioner ishlatilganda, 100 km ga 9-10 litr benzin sarflanishi kuzatiladi. Ochiq trassa sharoitida esa tezlik barqaror bo‘lsa, sarf 6 litr atrofida saqlanib qoladi. Bu farq laboratoriya sinovlari bilan real haydovchilik sharoitlari o‘rtasidagi tafovut bilan izohlanadi. Shunga qaramay, mo‘tadil uslubda haydalgan Cobalt ko‘p hollarda aralash rejimda 7-8 litr chegarasida tejamkor natija ko‘rsatadi.

Cobaltda yonilg‘i sarfida nima ta’sir korsatadi

O‘zbekiston sharoitida avtomobil sarfiga bir nechta omillar ta’sir qiladi. Eng avvalo, shahar tirbandligi tez-tez to‘xtab-qayta yurishga majbur qiladi, bu esa dvigatel sarfini oshiradi. Issiq iqlim ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Konditsioner ishlatilishi yonilg‘i yutimini sezilarli kuchaytiradi. Yo‘l sifati ham muhim omil hisoblanadi. Notekis, tog‘ yo‘llari yoki tez-tez sekinlashib harakatlanish sharoitlarida dvigatel yuklama ostida ishlaydi va sarf ortadi.

Foto: OLX

Yonilg‘i sifati Cobalt uchun alohida ahamiyatga ega. Past oktanli benzin dvigatelda detonatsiya keltirib chiqarishi mumkin. Bu nafaqat quvvatni pasaytiradi, balki motorga zarar yetkazadi va natijada sarfni yanada oshiradi. Ishlab chiqaruvchi kamida 91 oktanli benzin ishlatishni tavsiya etadi. O‘zbekiston sharoitida 92 oktanli benzin bu talabga to‘liq mos keladi. AI-80 kabi past oktanli yonilg‘idan foydalanish dvigatel resursini qisqartirishi va iqtisodiy samaradorlikni pasaytirishi mumkin.

Tavsiyalar

Mahalliy bozorda sotiladigan Chevrolet Cobalt yagona 1,5 litrli, 4 silindrli, 106 ot kuchiga ega dvigatel bilan taklif etiladi. Ushbu motor mexanik yoki avtomat uzatma bilan jamlanadi. Mexanik uzatma yoqilg‘i tejamkorroq bo‘lib, avtomat uzatma odatda 100 km ga 0,5-1 litr ko‘proq benzin sarflaydi. Cobalt dvigateli sodda konstruksiyasi va ishonchliligi bilan ajralib turadi. Muntazam texnik xizmat ko‘rsatilsa, u katta ta’mirlarsiz uzoq muddat xizmat qilishi mumkin.

Foto: Drom

Haydovchi to‘g‘ri uslubni tanlasa, yoqilg‘i sarfini sezilarli kamaytirishi mumkin. Keskin tezlanishlardan qochish, barqaror tezlikni ushlab turish va 90 – 100 km/soat oralig‘ida harakatlanish optimal hisoblanadi. Ortiqcha yuk tashimaslik, shinalar bosimini me’yorida saqlash ham iqtisodiy samaradorlikka bevosita ta’sir qiladi. Texnik xizmatni vaqtida o‘tkazish, filtr va shamlarni belgilangan muddatlarda almashtirish dvigatelning samarali ishlashini ta’minlaydi.

Bekorga dvigatelni uzoq vaqt yoqib turmaslik ham muhim. Agar mashina bir necha daqiqadan ko‘proq joyida turadigan bo‘lsa, dvigatelni o‘chirish yoqilg‘i tejamkorligiga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas tez eskirmasligi uchun nima qilish kerakligi haqida yozgan edi.

Shuningdek