Avto

GM Chevrolet Express Max EV elektr furgonini taqdim etdi

Model old qismiga o‘rnatilgan 150 kVtli elektrodvigatel bilan jihozlangan
Foto: GMAutority

General Motors kompaniyasi Meksika bozori uchun mo‘ljallangan Chevrolet Express Max EV 2026 elektr furgonini rasmiy ravishda e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Yangi model GM va SAIC alyansi doirasida yaratilgan. Elektr furgon ikki kuzov variantida taklif qilinadi: qisqa (SWB) va uzun (LWB) g‘ildirak bazasi bilan. Express Max tarixida ilk bor past tomli versiya ham paydo bo‘ldi. Bunday dizayn aerodinamikani yaxshilaydi va energiya sarfini kamaytiradi.

Foto: GMAutority

Model old qismiga o‘rnatilgan 150 kVtli elektrodvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 204 ot kuchini tashkil etadi. Aylantiruvchi moment esa 330 Nm darajasida. Qisqa baza 77 kVt/soatli batareya bilan 277 km masofani bosib o‘tadi. Uzun baza esa 88,8 kVt/soatli akkumulyator bilan 302 km yurish zaxirasini ta’minlaydi.

Yurish masofasi bo‘yicha Express Max EV o‘z segmentida yetakchi natijani ko‘rsatmoqda. Salon an’anaviy tijorat avtomobillari ruhida yaratilgan. Keng yuk bo‘limi mavjud. Mustahkam bezak materiallari qo‘llangan. Elektron yordam tizimlari zamonaviy talablarga moslashtirilgan.

Foto: GMAutority

Avtomobil kompaniya avtoparklaridan foydalanish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Servis xarajatlari past bo‘ladi. Ekologik talablarni bajarishga ham imkon yaratadi.

Chevrolet Express Max EV’ning sotuvi Meksikada boshlangan. Model Xitoydan import qilinadi. Kuzov uchun uchta rang varianti taklif etiladi.

Boshlang‘ich narxlar quyidagicha belgilangan:

  • Qisqa baza — $56 ming atrofida;
  • Uzun baza — $60 ming atrofida.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari haqida yozgan edi.