Hyundai Rotem O‘zbekistonga birinchi yuqori tezlikdagi poyezdni jo‘natdi

Hyundai Rotem O‘zbekistonga birinchi yuqori tezlikdagi poyezdni jo‘natdi. Yuklash marosimi 10-dekabr kuni Janubiy Koreyaning Masan portida bo‘lib o‘tdi, deb yozadi ChosunBiz.
Unga ko‘ra, marosimda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Janubiy koreyalik kompaniya rahbariyati qatnashdi. Birinchi partiya yetti vagondan iborat bo‘lib, ular shartnoma imzolanganidan bir yil va besh oy o‘tib ishlab chiqarildi.
Birinchi partiya 2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga yetkazilishi kutilmoqda. Bu dastlabki muddatdan 1-2 oy oldinroq demakdir. Qolgan 35 vagon esa (beshta poyezd) 2027-yilgacha yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Poyezdlar O‘zbekiston sharoiti uchun mos ravishda ishlab chiqilgan. Ular changdan himoyalangan, issiq va qum bo‘ronlari vaqtida ham ishlay oladi. Yangi vagonlar uzunligi 1,2 ming km dan ortiq bo‘lgan yo‘nalishlarda, jumladan, Toshkent – Buxoro yo‘nalishida foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, dekabrdan boshlab Toshkentdan Qozonga haftada bir marta poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.