Jaecoo J6 krossoveri haqida yangi ma’lumotlar ochiqlandi

10-dekabr 2025 12:06 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Jaecoo

Chery konserniga qarashli Jaecoo brendi mahalliy bozor uchun mo‘ljallangan Jaecoo J6 krossoverining yangi tafsilotlarini e’lon qildi. Model 2026-yilda savdoga chiqariladi.

Avtomobil o‘lchamlari kattalashgan bo‘lib, uzunligi 4509 mm, kengligi 1860 mm, balandligi esa 1650 mmni tashkil etadi.

Jaecoo J6 yengil off-road sharoitlariga moslashtirilgan. Bunga yuqori klirens, 20 daraja kirish burchagi va 30 daraja chiqish burchagi imkon beradi. Avtomobil 600 mm chuqurlikdagi suv to‘sig‘ini ham bemalol yengib o‘ta oladi.

Xavfsizlik va haydovchiga ko‘mak tizimlari ham muhim ustunliklardan biri hisoblanadi. Krossover 19 ta elektron yordamchi tizim bilan jihozlanadi. Ular shosse yo‘llarda harakatlanishda, tirbandlikda boshqarishda hamda parkovka jarayonida haydovchini qo‘llab-quvvatlaydi.

Texnik tomondan avtomobil 1,5 litrli turbomotor bilan jihozlanadi. Dvigatel quvvati 147 ot kuchini tashkil etadi. Uzatmalar qutisi sifatida ikki muftali 6 pog‘onali robotlashtirilgan transmissiya qo‘llanadi.

Yangi Jaecoo J6 zamonaviy texnologiyalarni off-road imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirgan universal shahar krossoveri sifatida bozorga chiqishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery avtomobil sanoatida yangi jahon rekordini o‘rnatgani haqida yozgan edi.

Shuningdek