Qozog‘iston vaziri Balayeva: «OAVni qonun buzmagan taqdirdagina himoya qila olamiz»

Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva OAV atrofidagi sud jarayonlari, jumladan, «KazTAG» va «Orda.kz» ishi bo‘yicha izoh berdi. Unga ko‘ra, vazirlik OAV huquqlarini faqat ular qonunni buzmagan holatlarda himoya qila oladi.
«Bugungi kunda Qozog‘iston media makonida bir nechta sud jarayonlari o‘tkazilishi munosabati bilan muhokamalar davom etmoqda. Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi ushbu jarayonlarni, jumladan, «Orda.kz» va «KazTAG» bilan bog‘liq ishlarni alohida e’tiborga olgan. Bunday holatlar media hamjamiyatni doimo tashvishga soladi. Chunki bu so‘z erkinligi va qonuniy jurnalistik faoliyat kabi o‘ta muhim masalalarga bevosita taalluqlidir», – dedi u.
Balayevaning aytishicha, mamlakatda so‘z erkinligi ta’minlanishi juda muhim, ammo barcha axborot tarqatuvchilar qonun doirasida ishlashi shart.
«Professional ommaviy axborot vositalari qonunni buzmasdan faoliyat yuritgan taqdirdagina davlat ularning huquqlarini samarali himoya qila olishini tushunish kerak. Agar tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar huquqiy maydonga ko‘chsa, davlat organining aralashuvi sudga bosim sifatida qabul qilinishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, biz professional jurnalistlarga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy ishlar imkon qadar ochiq va xolis ko‘rib chiqilishi kerakligini doimo talab qilib kelganmiz», – deya ta’kidladi vazir.
Hozirda Olmaota politsiya departamenti «KazTAG» rahbariyatiga nisbatan Freedom Finance brokerlik kompaniyasi haqida bila turib yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda. 9-dekabr kuni Olmaota politsiyasida «KazTAG» agentligi bosh direktori Aset Matayev va nashr bosh muharriri Amir Kasenov so‘roq qilindi.
Freedom Holding Corp. bosh direktori Timur Turlov Olmaotada jurnalistlar bilan uchrashuvda «KazTAG» agentligi ko‘plab materiallarida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘plab faktlarni tilga olganini aytdi.
2025-yilda «KazTAG» go‘yoki «Freedom Finance tomonidan aldangan omonatchilar» haqida o‘nlab materiallarni e’lon qilib, ular kompaniyani o‘z investitsiyalarini yo‘qotishda aybladi. O‘shanda Freedom Finance kompaniyadagi firibgarlik operatsiyalari haqidagi bu xabarlar manipulyatsiya ekanligini va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagandi.
Avvalroq Freedom Holding Qozogʻistonda $2 mlrdlik sun’iy intellekt markazini tashkil qilishi haqida xabar berilgandi.