Yangiliklar

«Korrupsiyaga qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi uchun» koʻkrak nishoni ta’sis etilishi mumkin

Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish tizimini kuchaytiriladi
«Korrupsiyaga qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi uchun» koʻkrak nishoni ta’sis etilishi mumkin / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, davlat organlarida komplayens nazorati faoliyati qayta ko‘rib chiqildi. Ichki nazorat bo‘linmalari tomonidan 11 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazilib, 793 mlrd so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishi oldi olindi. Qariyb 2 trln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlanib, 478 mlrd so‘mlik zarar undirildi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining 700 dan ortiq nazorat tadbirlarida 354 mlrd so‘mlik moliyaviy kamchiliklar va 1397 ta manfaatlar to‘qnashuvlari aniqlandi. Shuningdek, 550 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi. Mansabdor shaxslarga nisbatan 26 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 24 nafar shaxs ma’muriy, 148 nafari esa intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qurilish va kadastr kabi sohalarda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish, kadrlarni ishga qabul qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Sohada yangi bosqichga o‘tish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish klasterini tashkil qilish taklif etildi.

Foto: President.uz
Foto: President.uz

Taqdimotda jarayonlarni raqamlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Idoralar ma’lumot bazalarini integratsiya qilish asosida Xavf-tahlil markazini tashkil etib, korrupsion xavflarni hamda davlat xaridlaridagi affillanganlik holatlarini avtomatik aniqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, komplayens bo‘limlari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha rejalar bildirildi.

Qarorlar qabul qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlanib, «E-qaror» tizimida hujjatlarning ochiq e’lon qilinishini monitoring qilish, budjet mablag‘laridan foydalanishda jamoatchilik imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.

Korrupsiyaga oid risklarni kamaytirish maqsadida soha va tarmoqlarda loyiha ofislarini tashkil etish taklif qilindi. Ular faoliyat yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlab, jamoatchilikka e’lon qiladi. Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish tizimini kuchaytirish, rag‘batlantirish mexanizmini joriy etish, shuningdek, «Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishonini ta’sis qilish taklif etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq CRPT TURON vakillariga Korrupsiyaga qarshi kurashish xartiyasiga a’zolik sertifikati topshirilgani haqida xabar bergan edik.