
OneXPlayer kompaniyasi Super X nomli planshet ishlab chiqmoqda. Bu haqda WCCF Tech xabar bermoqda.
Qurilma oddiy planshet emas, balki to‘liq Windows asosida ishlovchi ixcham shaxsiy kompyuter hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi uni dunyodagi eng kuchli Windows-planshet sifatida taqdim etmoqda.
Super X’ning yuragi Ryzen AI Max+ 395 protsessori hisoblanadi. U 16 yadroli CPU hamda RTX 4060 darajasidagi Radeon 8060S grafik yadrosi bilan jihozlangan. Bu esa qurilmani nafaqat kundalik ishlar, balki og‘ir grafik vazifalar va o‘yinlar uchun ham mos qiladi.

Super X dunyoda tashqi suyuqlik asosidagi sovitish tizimiga ega yagona planshet sanaladi. Bunday yechim odatda yuqori darajadagi o‘yin noutbuklarida uchraydi. Suyuq sovutish tizimi yordamida protsessor quvvati 120 Vtgacha oshiriladi, bu esa maksimal samaradorlikni ta’minlaydi.
Qurilma 14 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan. Ekran ruxsati 2880 × 1800 pikselni tashkil etadi. Akkumulyator sig‘imi 83,5 Vt/soat etib belgilangan. Shuningdek, planshet Mini SSD formatidagi yangi avlod tashqi jamlagichlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kickstarter’dagi kampaniya hali rasman boshlanmagan. Biroq dastlabki narxlar allaqachon e’lon qilingan. Boshlang‘ich komplektatsiya Ryzen AI Max 385, 32 GB tezkor xotira va 1 TB SSD bilan $1900 narxda taklif etiladi. Kuchliroq Ryzen AI Max+ 395 uchun kutilayotgan ustama $100ni tashkil etadi. Agar qurilma suyuqlik sovutish tizimi bilan tanlansa, boshlang‘ich narx $1960dan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan OnePlus 17-dekabrda Pad Go 2 planshetini taqdim etishi haqida yozgan edi.