Gadjetlar

Oppo Reno 15c: to‘liq xususiyatlari va taqdimot sanasi oshkor bo‘ldi

Reno 15c 6,59 dyuymli OLED ekran bilan jihozlanadi
Hindustan Times

Oppo Reno 15c smartfoniningg to‘liq xususiyatlari va taqdimot sanasi oshkor bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Smartfon China Telecom bazasida aniqlangan. Reno 15c 6,59 dyuymli OLED ekran bilan jihozlanadi. Displey 1,5K (2760 × 1256 piksel) aniqlikka ega bo‘ladi va 120 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Biometrik xavfsizlik uchun ekranosti barmoq izi skaneri o‘rnatiladi.

Asosiy kamera bloki uch moduldan iborat bo‘ladi. Bular 50 MP asosiy kamera, 8 MP keng burchakli modul va 50 MP telefoto obyektiv. Manbalarga ko‘ra, asosiy sensor Sony LYT-600, ultra-keng kamera IMX355, telefoto esa Samsung’ning JN5 sensoriga asoslanadi. Old kamera ham 50 MP bo‘lib, selfi va videomuloqot sifati yuqori darajada bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Oppo

Qurilma ishlashi uchun Snapdragon 7 Gen 4 (SM7750) protsessori javob beradi. Smartfon 12 GB tezkor xotira bilan ikkita variantda taqdim etiladi: 256 GB va 512 GB doimiy xotira. Dasturiy ta’minot sifatida Android 16 hamda ColorOS 16 o‘rnatiladi.

Korpus o‘lchamlari 158 × 74,83 × 7,77 mm, vazni esa taxminan 197 grammni tashkil etadi. Ramka alyuminiy qotishmasidan tayyorlanadi. Qurilma suv va changdan IP68/IP69 darajasida himoyalangan bo‘ladi.

Batareya sig‘imi 6 500 mA/soatni tashkil etadi. U 80 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa smartfonni qisqa vaqt ichida to‘liq zaryadlash imkonini beradi.

Rang variantlari qatoriga Aurora Blue, College Blue va Starlight Bow kiradi. China Telecom ro‘yxatiga ko‘ra, Oppo Reno 15c Xitoyda 19-dekabr kunidan boshlab sotuvga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 255 dollarlik Oppo A6L smartfoni namoyish qilingani haqida yozgan edi.