O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobil savdosi faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi

O‘zbekistonda prezident qarori bilan 2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtomobil xaridi faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nafaqat yirik xaridlar, balki davlat organlari xizmatlari, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi to‘lovlari ham faqat naqdsiz shaklda qabul qilinadi. Spirtli va tamaki mahsulotlari, AYQShdagi neft-gaz mahsulotlari hamda elektromobillarni quvvatlash xizmatlari uchun ham naqd pulda to‘lash imkoniyati bekor qilinadi.
Avtomobil savdosidagi cheklov ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan transport vositalari hamda maxsus texnikalarga nisbatan tatbiq etiladi. Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi oldi-sotdi shartnomalari bank ma’lumotlari asosida, yuridik shaxslar bilan esa elektron hisob-faktura orqali notarial tasdiqlanadi.
Hukumat 2030-yilga kelib aholining savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi naqdsiz to‘lovlari ulushini 75 foizga yetkazishni va kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmini 1,3 baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Soliq qo‘mitasi bunday operatsiyalar uchun bank komissiyalarini bekor qilish taklifi bilan chiqqan edi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda fuqarolarning 86 foizi pensiyasini bank kartasi orqali olishi haqida xabar bergan edi.