Yangiliklar

Oziq-ovqat narxlari barqarorligini ta’minlashda intervensiya tizimi joriy etiladi

2026-yilda fermerlarga 2025-yilda olgan hosilining 50 foizi miqdorida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 12 foizli kredit beriladi
Oziq-ovqat narxlari barqarorligini ta’minlashda intervensiya tizimi joriy etiladi
Oziq-ovqat narxlari barqarorligini ta’minlashda intervensiya tizimi joriy etiladi / Foto: ijtimoiy tarmoq

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlashda intervensiya tizimi joriy etiladi. Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat bozori barqarorligini saqlash har doim ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

«To‘g‘ri, kuz-qish uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilyapmiz. Endi bu ishni yil davomida amalga oshirib, narxlar barqarorligini ta’minlash uchun doimiy intervensiya tizimi joriy etiladi», – dedi prezident.

Davlat rahbari 2026-yilda fermerlarga 2025-yilda olgan hosilining 50 foizi miqdorida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 12 foizli kredit berilishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, xorijiy valyutadagi kredit stavkasining sakkiz foizdan yuqori qismi qoplab beriladi va kreditlarning 50 foizigacha kafillik taqdim etiladi.

Shuningdek, har yili in-vitro laboratoriyalarda virusdan xoli 10 milliondan ortiq kartoshka mini-tuganaklari tayyorlanib, urug‘chilik xo‘jaliklariga bepul berilishi belgilangan.

Bundan oldin 2026-yili O‘zbekistonga Xitoydan 50 dan ortiq agrodron olib kelinishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, har bir viloyatda kamida ikkitadan dron mobil kompleksi orqali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, agrar sohada dronlarning ruxsat etilgan uchish og‘irligi 100 kilogrammdan 250 kilogrammgacha oshiriladi.