Qamchiq dovonida avtomobillar harakati qayta tiklandi

Bugun, 10-dekabr kuni tungi soat 02:30 da Qamchiq dovonida qor ko‘chkisi xavfi aniqlangani sababli avtomobil harakati vaqtincha to‘xtatilgandi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi soat 12:00 dan boshlab dovon transport harakati uchun to‘liq ochilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududida 10 – 12-dekabr kunlari kutilayotgan kuchli yog‘ingarchilik va havo haroratining keskin o‘zgarishi tufayli bir nechta tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi yuzaga kelmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» ma’lum qildi.
Xususan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Ohangaron va Parkent tumanlari (Chotqol tizmasi tog‘lari), Namangan viloyatining Pop tumanida xavf darajasi oshgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri 8-dekabrdan O‘zbekistonga sovuq va nam havo kirib kelishi haqida yozgandi.
9 – 10-dekabr kunlari shimoliy va cho‘l hududlarida shamol kuchayadi. Ba’zi joylarda tezlik 15–18 m/s, ayrim hududlarda esa 20–22 m/s gacha yetishi mumkin.
10-dekabrga kelib markaziy hududlarda kechalari 2–5 daraja sovuq, kunduzi 3–6 daraja iliq bo‘ladi. Shimolda esa kechalari 7–10 daraja sovuq, kunduzi 0–3 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 7-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida qor yog‘gandi.