
Realme kompaniyasi o‘rta segmentga mansub yangi Realme 16 Pro smartfoniga bag‘ishlangan navbatdagi reklama posterni e’lon qildi. Bu haqda GSMArena nashri xabar bermoqda.
Unda qurilmaning korpusi yupqa bo‘lishi va tashqi ko‘rinish asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida tanlangani aks ettirilgan. Kompaniya ushbu modelda aynan dizayn masalasiga alohida e’tibor qaratayotganini rasman ta’kidlamoqda.
Realme bayonotiga ko‘ra, Realme 16 Pro seriyasi nafis va puxta dizayn orqali yuqori darajadagi mahorat hamda mustahkamlikni uyg‘unlashtiradi, brendning yuzaki xususiyatlardan ko‘ra real qiymat taqdim etishga intilishini ifodalaydi. Posterdagi «seriya» atamasi yangi liniyada kamida ikkita model — Realme 16 Pro va Realme 16 Pro+ bo‘lishini tasdiqlaydi. Ularning dizayni deyarli bir xil yoki juda o‘xshash tarzda ishlanishi kutilmoqda.
Mutaxassislar kompaniya korpus materiallariga ham alohida e’tibor qaratishini taxmin qilmoqda. Xususiyatlarga keladigan bo‘lsak, avval tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Realme 16 Pro 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 200 megapikselli kamera bilan jihozlanishi mumkin. Bu ko‘rsatkichlar o‘rta segment uchun juda yuqori daraja hisoblanadi.
Oldingi avlod — Realme 15 Pro modeli Snapdragon 7 Gen 4 platformasida ishlagani sabab, yangi smartfon ham unumdorlik bo‘yicha shu darajaga yaqin yoki undan yuqori chip bilan taqdim etilishi kutilmoqda.
Rasmiy taqdimot sanasi hali e’lon qilinmagan, biroq Realme’ning so‘nggi reklama faolligi yangi Realme 16 Pro seriyasi yaqin kunlarda anons qilinishini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Realme ikkita yangi budjet smartfonni taqdim etishi haqida yozgan edi.