Gadjetlar

Realme ikkita yangi budjet smartfonni taqdim etadi

Rasmiy taqdimoti 16-dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda
Foto: Realme

Realme kompaniyasi to‘liq taqdimotdan oldin Narzo 90 va Narzo 90X modellarining asosiy texnik tafsilotlarini rasman ochiqladi. Qurilmalar allaqachon kompaniyaning rasmiy saytida paydo bo‘ldi.

Seriyaga ikkita smartfon kiradi va ularning har ikkisi 7000 mA/soat sig‘imli batareya hamda 60 Vt tezkor quvvatlash qo‘llab-quvvatlashi bilan ajralib turadi. Narzo liniyasining odatda arzon segmentga mansub ekanini hisobga olganda, bu juda kuchli ko‘rsatkich hisoblanadi.

Bazaviy model — Narzo 90 suv va changdan himoya qiluvchi IP69 sertifikatiga ega bo‘ladi. Yuqori model — Narzo 90X uchun bunday ma’lumot rasman tasdiqlanmagan, biroq xuddi shunday himoya darajasi taklif etilishi ehtimoli yuqori.

Foto: Realme

Texnik jihatdan Narzo 90 4000 nit yorqinlikka ega ekran hamda ikkita 50 megapikselli kameraga ega bo‘ladi. Narzo 90X esa kuchli ovoz beruvchi dinamiklar, Sony ishlab chiqargan 50 megapikselli asosiy kamera va 1200p aniqlikdagi 144 Hz chastotali ekran bilan jihozlanadi.

Realme yangi budjet modellarining rasmiy taqdimoti 16-dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Realme Narzo 90 smartfonining texnik xususiyatlari ma’lum qilingani haqida yozgan edi.