Sirdaryodagi IES uchun Yaponiyadan yangi rotor olib kelindi

Sirdaryodagi issiqlik elektr stansiyasi (IES) uchun Yaponiyadan yangi rotor olib kelindi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatidagi 1500 MVt quvvatli IESning 2-sonli gaz turbinasida nosozlik aniqlangach, uni tiklash uchun Yaponiyaning Mitsubishi kompaniyasi qisqa muddatda yangi rotor tayyorladi.
Xabarga ko‘ra, 114 tonnalik uskuna 8-dekabr kuni maxsus reys orqali Toshkentga yetkazildi va to‘g‘ridan to‘g‘ri stansiya hududiga olib borildi. Rotorni o‘rnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy davom etadi. Shu vaqt ichida quvvat yetishmovchiligini qoplash uchun zaxira bloklar ishlatiladi.
Hozirgi bulutli ob-havo sababli quyosh stansiyalarida ishlab chiqarish kamaygan. Shu bois vazirlik iste’mol ko‘payadigan paytlarda, asosan 17:00–21:00 oralig‘ida, qisqa muddatli elektr uzilishlari kuzatilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq 2026-yilda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining elektr tarmoqlari boshqaruvi investorlarga berilishi xabar qilingandi. Shuningdek, 2027-yilda esa Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlar uchun taklif qilinadi.