
Toshkent metrosining «O‘zbekiston», «Mashinasozlar», «G‘afur G‘ulom» va «Milliy bog‘» bekatlarining kirish qismlarida texnik yangilanish ishlari to‘liq yakunlandi. Bu haqda metropoliten axborot xizmati xabar berdi.




«Yoʻlovchi oqimining ortib borayotgani hamda shahrimiz aholisining talab va istaklarini inobatga olgan holda, avval yoʻlovchi oqimi kamligi sababli uzoq yillar davomida yopiq boʻlib kelgan ushbu metro bekatlarining bir tomon kirish (vestibyul) qismlarida texnik yangilash ishlari amalga oshirildi», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, mazkur vestibyullar zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlandi va barcha xavfsizlik talablari qayta ko‘rib chiqilib takomillashtirildi.
Shu yilning 11-dekabridan boshlab ushbu vestibyullar yana yo‘lovchilar uchun ochiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosining 16 ta bekatida kassalar yopilgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, 9-dekabrdan boshlab «Yerusti halqa yo‘li» yo‘nalishidagi barcha 14 ta bekatda, shuningdek, Paxtakor va Alisher Navoiy bekatlarida an’anaviy kassalar faoliyati to‘xtatildi.
Bundan tashqari, Toshkent metrosiga 2026-yilda 56 ta yangi vagon xarid qilinadi. Unga ko‘ra, hozirda poytaxt metrosida 75 ta poyezd qatnamoqda. Metroda harakatlanuvchi yo‘lovchilar soni esa kuniga bir milliondan oshgan. Shu bois tig‘iz soatlarda poyezdlar harakat oralig‘i qisqartirilgan. Masalan, Chilonzor yo‘nalishida interval 5 daqiqadan 1,5 daqiqagacha, O‘zbekiston yo‘nalishida 6 daqiqadan 3 daqiqagacha tushirilgan.