Toshkentda 1,6 milliard so‘mlik «Pregabalin» dorisi musodara qilindi

Toshkentda 1,6 mlrd so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dorilar va sertifikatsiz preparatlar musodara etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1994-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan va Toshkent shahrida ijara asosida yashab kelayotgan shaxsning uyida, ilgari kuzatuvga olingan psixotrop moddalarni saqlab kelayotgani aniqlandi. Xolislar ishtirokida uy ko‘zdan kechirildi va qiymati taxminan 1,5 mlrd so‘m bo‘lgan 15330 dona «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi dori topildi.
Shuningdek, uyda qiymati 100 mln so‘m bo‘lgan, sifat sertifikati mavjud bo‘lmagan 3 turdagi 2872 dona tibbiy preparatlar, qutilar va yo‘riqnomalar ham aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Dastlabki so‘rovda shaxs ushbu dorilarni Hindistondan noqonuniy yo‘l bilan olib kirgani va Toshkentdagi mijozlarga sotishni rejalashtirganini tan oldi.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi, 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni boshqa qadoqda dorixonaga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qamoqqa olingan edi.