
Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi xususiy klinikada 31 yoshli erkak burun operatsiyasi vaqtida vafot etgani bo‘yicha jiddiy surishtiruvlar boshlandi. Bu haqda «Millar» dasturida ma’lum qilindi.
Marhumning oila a’zolari aytishicha, u nafas olishdagi qiyinchilik sababli burun tuzatish operatsiyasiga rozi bo‘lgan va jarrohlikdan oldin barcha tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan.
Bemor 12-noyabr kuni soat 11:30 da operatsiyaga kirgan, biroq oradan ko‘p o‘tmay vafot etgan. Yaqinlariga esa hodisa haqida uch soat o‘tib xabar berilgan. Marhumning otasi operatsiya jarayonida shifokorlar gigiyena va xavfsizlik talablariga amal qilmagani, o‘g‘li operatsion kiyimlarda emas, oddiy futbolka va shimda yotganini aytib, jiddiy e’tiroz bildirdi.
Dastlabki xulosalarga ko‘ra, bemorda anafilaktik shok kuzatilgan va yurak to‘satdan to‘xtab qolgan. Oila a’zolari esa unga «narkoz ko‘p berilgan bo‘lishi mumkin», degan taxminni ilgari surmoqda. Klinikaning nomi rasmiy ravishda aytilmagan bo‘lsa-da, tarmoqlarda bu Olmazor tumanidagi «Ibotov» klinikasi ekani haqida ma’lumotlar tarqalgan.
Bosh prokuratura voqea yuzasidan 29-noyabr kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati qarori bilan klinika faoliyati rasman to‘xtatildi.
Hozircha surishtiruv davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Termizda 18 yoshli talaba binoning 14-qavatidan o‘zini tashlab vafot etgani haqida yozgandi.